Shavkat Mirziyoyev Yakkabog‘da sok ishlab chiqaruvchi korxonaga tashrif buyurdi

Qashqadaryo viloyatiga bo‘lib o‘tayotgan tashrifi davomida, prezident Yakkabog‘ tumanida joylashgan korxonalardan birida bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 28 yanv – Sputnik.O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga bo‘lib o‘tayotgan tashrifi davomida sok ishlab chiqaruvchi korxonaga tashrif buyurdi.

Prezident Yakkabog‘ tumanida joylashgan “Darmon farm” xususiy korxonasiga qarashli "Darmon sharbati" meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga jo‘nab ketdi

"Darmon sharbati" 2017-yil avgust oyida ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunda korxonada kuniga 12 tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Asosan olma, oshqovoq va sabzi sharbati tayyorlanib, ichki bozorga chiqarilmoqda. Meva-sabzavotlarning tabiiy xususiyatlari saqlab qolingan tayyor mahsulot 1,5 va 3 litrli maxsus idishlarda sotuvga chiqarilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev viloyatda bu kabi korxonalarni ko‘proq tashkil etish, tadbirkorlarga eksportni o‘rgatish lozimligini ta’kidladi.

Shu yerning o‘zida Qashqadaryo viloyatida 2018-2019 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash hamda eksport hajmini oshirish loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

"Darmon sharbati" meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi tomonidan meva-sabzavotni qayta ishlash va bolalar taomlari ishlab chiqarish, “Sharofat opa Qahramon qizi” agrofirmasi tomonidan muzlatkich omborxonasi qurish loyihalari ham taqdim etildi.

Prezidentimiz eksportni rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

"Tadbirkorlarni eksportga o‘rgatish, buning uchun biznes-inkubatorlar tashkil etish, eksport muhitini yaratish zarur", — dedi tadbir davomida prezident.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2017-yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga safari chog‘ida viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ularni eksport qilish hajmlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.