TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Bugun O‘zbekiston futbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot saylov konferensiyasida yangi rahbar saylandi. Uznews.uz xabariga asosan.
Saylov konferensiyasida tashkiliy masalalar, O‘FF nizomiga o‘zgartirish kiritish, O‘FF prezidenti va vitse-prezidentlar va ijroiya ko‘mitasiga saylovlar va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Kun tartibining bo‘yicha qabul qilingan qarorga ko‘ra, O‘FF nomi endilikda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi deb nomlandi.
Yangi nomdagi tashkilotning ilk prezidenti sifatida O‘zbekiston Qahramoni, Bosh vazir birinchi o‘rinbosari va O‘zbekiston temir yo‘llari AJ boshqaruv raisi Ochilboy Ramatov saylandi.
"Birgalikda futbolni rivojlantiramiz. Viloyatlarda futbolni rivojlantirish bo‘yicha e’tiborni kuchaytiramiz", — deb ta’kidladi Ramatov.
Umid Ahmadjonov esa O‘FF prezidentligini topshirib, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisligida ish boshladi.