Abduhakimov Registon madrasalaridagi savdo shoxobchalari haqida fikr bildirdi

Registon maydonidagi madrasalardan joy olgan savdo shoxobchalarini to‘liq o‘zbekona milliy uslubda tashkil qilish kerak, dedi Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov
Sputnik

TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Registondagi savdo shoxobchalari orqali hunarmandlarimiz o‘z mahsulotlarini sotish imkoniga ega bo‘lmoqda, faqat bu shoxobchalarni to‘liq o‘zimizni milliy uslubda tashkillashtirishimiz kerak, dedi Sputnik muxbirining tarixiy obyektlarning savdo tochkalariga aylantirilishiga qanday qaraysiz, degan savoliga javoban "O‘zbekturizm" qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan tadbirlarni yagona kalendari chiqariladi
"Qachon hunarmandchilik rivojlanadi? Qachonki hunarmandlarimiz shunday joylarda savdo-sotiq qilsa, ularni mahsulotlari o‘sha yerdan sotilsa, boshqa iloji yo‘q. Ochig‘ini aytaganda, buyam bir achchiq haqiqat, bu shoxobchalarda Xitoydan kelgan tovarlar ham sotilmoqda. Shuning uchun ularni sal tartibga solib, o‘zimizni milliy an’analarga xos, miliy uslubda bo‘lgan suvenir do‘konlariga aylantirishimiz kerak", — dedi Abduhakimov.

Turizm qo‘mitasi raisi, shuningdek, hunarmandlar o‘z mahsulotlarini arzon narxlarda sotishlariga qarshi ekanligini aytib o‘tdi. 

"Hamma narsani ham arzonga qilishimiz kerak emas. O‘zimizni imkoniyatlarimizni past narxlarda o‘tkazamiz. Chet eldagilar o‘zlarining o‘ymakorlik yoki kashtachilik mahsulotlarini hech qachon bizni narxda sotmaydi", — dedi u.