Urganch - Xiva temir yo‘l liniyasi joriy yilda foydalanishga topshiriladi

Loyiha doirasida Xiva shahrida bir vaqtning o‘zida 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan, milliy uslubi uyg‘unlashgan temir yo‘l vokzali ham barpo etilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Urganch — Xiva temir yo‘l liniyasi joriy yilda foydalanishga topshiriladi. Hozirgi kunda qadar Urganch — Xiva yangi temir yo‘l liniyasida umumiy uzunligi 29,6 kilometr temir yo‘llar yotqizildi, deb xabar qiladi "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ axborot xizmati.

Urganch-Xiva temir yo‘l liniyasi 2017-2018 yillar oralig‘ida ishga tushadi
"Boshtransloyiha" aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, ushbu yangi temir yo‘li joriy yilda foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Loyiha qiymati 35,9 million AQSh dollariga teng.

Qurilish-montaj jarayonida jami 831 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi. Yo‘l bo‘ylab 124 ta sun’niy inshoot ham barpo etildi. Bunyodkorlik ishlari davomida 6 ta yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar qurildi.

Loyiha doirasida Xiva shahrida bir vaqtning o‘zida 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan, milliy uslubi uyg‘unlashgan temir yo‘l vokzali ham barpo etilmoqda. Yangi qurilayotgan vokzal binosining tashqi ko‘rinishi Xorazm me’morchiligi namunalarini o‘zida aks ettiradi. Vokzal so‘nggi rusumdagi asbob-anjomlar bilan jihozlanadi. Bu yerda zamonaviy VIP-zali, ona va bola xonasi, tibbiyot xonalari quriladi.

Loyihaga ko‘ra binoning kiraverishida zamonaviy va mahalliy uslublar uyg‘unlashgan ko‘rkam foe ham o‘rin olgan. Rejaga muvofiq uning oldi qismida zamonaviy, musiqali favvora o‘rnatiladi. Bu yerda yuqori tezlikdagi Internet xizmatini Wi-Fi texnologiyasi orqali tarqatish uskunalarni o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan. Ayni paytda bu yerda qurilish-montaj ishlari qizg‘in davom etmoqda.