Olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish - Aqto‘be fojeasining sababi e’lon qilindi

Avtobus dvigateli o‘chib qolgani tufayli, mashina ichi sovuq bo‘lgan. Ular isinish uchun olovli kavsharlagichdan foydalanishgan.
Sputnik

TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodiq bo‘lgan fojeaga olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish sabab bo‘lgan, dedi Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Turgumbayev, Sputnik Kazaxstan xabariga asosan.

“Yong‘in sababi bo‘yicha asosiy xulosa — olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish. Fojea  joyida olovli  kavsharlagich (payalnaya lampa) topilgan. U benzinda ishlaydi. So‘rov va tekshiruv natijasida avtobus ichida 5 litrli benzin solingan idish bo‘lganligi aniqlandi”, — dedi Turgumbayev.

“Ushbu xulosa tirik qolgan yo‘lovchilardan olingan ma’lumotlarga asoslangan. Avtobus dvigateli o‘chib qolgani tufayli mashina saloni sovib qolgan. Yo‘lovchilar isinish uchun olovli kavsharlagichdan foydalanishgan. Kavsharlagich 2 soatdan ortiq vaqt davomida ishlagan. Tabiiyki, bunday holda gaz-benzinli qorishma hidi bilan butun salon to‘lgan. Tasodifan to‘kib yuborilgan benzindan yong‘in chiqqan va u bir zumda, besh daqiqa ichida avtobus ichida bo‘lgan barcha fuqarolarning hayotini olib ketgan”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Shu bilan bir vaqtda, Turgumbayev fojeaga YTH yoki jinoyat sabab bo‘lishi mumkinligini mutlaq istisno qildi.

“Fojea joyi ko‘zdan kechirilganda u yerdan birorta ham sovuq yoki o‘qotar qurol topilgani yo‘q. Hech qanday portlovchi moddalar yoki ularning qoldiqlari ham yo‘q. Bunday uydirmalar mutlaq istisno qilinadi”, — dedi Turgumbayev.

Ayni damda fojea joyini ko‘zdan kechirish yakunlangan, qurbonlar O‘zbekistonga yuborildi. U yerda ularning tanalari genetik ekspertiza qilinib, qarindoshlariga topshiriladi

Eslatib o‘tamiz, 18-yanvarda Aqto‘beda viloyatidagi “Samara — Shimkent” avtoyo‘ling  1068 km avtobus yonib ketishi oqibatida 52 nafar O‘zbekiston fuqarolari qurbon bo‘lgan edi.