Toshkentda ikki yil ichida 69 ming qo‘shimcha bog‘cha o‘rinlari yaratiladi

Toshkent shahrida 2019-yil oxiriga qadar 100 % bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinadi.
Sputnik

TOShKENT, 20 yanv – Sputnik. Toshkent shahar hokimi 2018-2019 yillar davomida bolalar bog‘chalari ochish rejasini tasdiqladi, deb xabar qilmoqda hokimiyati matbuot xizmati.

Ushbu yilda Toshkentda 420 dan ortiq ko‘p qavatli uy quriladi. Ularning 220 tasi xususiy tadbirkorlar tomonidan, 200 tasi esa prezident qarori asosida barpo etiladi.

220 ta ana shunday uyning 1-2 qavatlarida tadbirkorlar tomonidan kichik hajmdagi (o‘rtacha 80 o‘rinli) bolalar bog‘chalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Undan tashqari xususiy xonadonlar joylashgan mahallalarda ham 40-50 o‘rinli xususiy bolalar bog‘chalari tashkil etiladi.

O‘zbekistonning ayrim hududlarida bog‘cha uchun to‘lov puli pasaytirildi

Umumiy hisobda Toshkent shahrida 2018-yilda 53 mingta, 2019-yilda 16 mingta, jami 69 ming nafar bola maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinadi.

Har bir tumanda 3 tadan 5 tagacha bolalar bog‘chalariga ta’lim muassasalarida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishni ta’minlash maqsadida namunali faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan xizmat ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda poytaxtda 632 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 185 tasi xususiy. Ta’lim maskanlarida 123 mingga yaqin o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. 3-6 yoshli bolalar umumiy soni esa 190 mingdan ortiq.