TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasi qoshida tashkil etilgan kutubxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, viloyat IIB boshlig‘i Rahmatjon Mamatov, viloyat prokurori Sadriddin Turdiyev, IIB shaxsiy tarkibi va faxriylari, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilning 13-sentabrdagi "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida"gi qarori bilan barcha doiradagi organ va tashkilotlar oldiga kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, kitob bo‘lgan qizqiqishlari oshirishga oid dolzarb vazifalar yuklandi.
"Kitob o‘qimasdan, kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirmasdan hech narsaga erishib bo‘lmasligini davrning o‘zi taqozo etmoqda", — deydi viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik R.Mamatov.
Viloyat IIB kadrlar boshqarmasi hamda Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazi tomonidan shaxsiy tarkib o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida "Men kitob o‘qishni sevaman" shiori ostida aksiya va ko‘rik-tanlov o‘tkazilishi belgilandi.
Bu albatta, barcha shaxsiy tarkibning ish faoliyatida kutubxonadan unumli foydalanishi, kasb mahorati, ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-ijtimoiy va huquqiy bilimini oshirishga hamda xalq bilan olib borayotgan ochiq muloqot va targ‘ibot-tashviqot ishlarida o‘z samarasini beradi.
Shuningdek, tadbir doirasida "Farg‘ona kitob olami" ma’rifiy majmuasi tomonidan kitob yarmarkasi tashkil etildi.