Og‘ir judolik: O‘zbekiston taniqli adibidan judo bo‘ldi

Bugun taniqli adib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, o‘zbek adabiyotining zahmatkashlaridan biri Nosir Fozilov kasalxonada 90 yoshida vafot etdi
Sputnik

TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Bugun taniqli adib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, adabiyotimiz zahmatkashlaridan biri Nosir Fozilov kasalxonada 90 yoshida vafot etdi, deb yozgan o‘zining Feysbukdagi sahifasida O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron.

"Inna lillahi va inna ilahi rojiun. Olloh rahmatiga olsin! Marhumning oila a’zolari, yoru do‘stlariga chuqur hamdardlik bildiramiz, sabr tilaymiz", — deyiladi postda.

O‘zbek adabiyotining qutlug‘ dargohiga o‘tgan asrda — 50-yillarning ikkinchi yarmida kirib kelgan Nosir Fozilov 1929-yili Qozog‘istonning Chimkent viloyatiga qarashli Turkiston tumanidagi Qoriz qishlog‘ida tavallud topdi. Ota-onasi dehqonchilik bilan shug‘ullangan, buvasi Tursunmuhammad A’lam "G‘urbatiy" taxallusi bilan she’rlar yozgan. Kamiy, Xislat, Sidqiy-Xondayliqiylar bilan hamnafas, hamfikr bo‘lib ijod qilgan. Toshkentda uning uchta she’riy kitobi chop etilgan.

Nosir Fozilovning bolaligi urush davriga to‘g‘ri kelganligi uchun ham o‘qib, ham ishlashiga to‘g‘ri keldi. Shu tufayli u o‘z tengdoshlaridan ancha kech, ya’ni, 1949-yilda o‘rta maktabni tugatgan. So‘ng Toshkentga kelib, O‘rta Osiyo Davlat universitetiga o‘qishga kiradi. Uni 1954-yilda tugatadi.

Shundan so‘ng "Gulxan", "Sharq yulduzi" kabi jurnallarda, nashriyotlarda turli lavozimlarda ishlaydi.