O‘zbekistonda yagona kinoprokat tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekkino agentligi matbuot xizmati joylarda mavjud kinoteatrlarni qayta rekonstruksiya qilish, zamon talablari asosida yangilarini qurish bo‘yicha sayi-harakatlar boshlanganini ma’lum qildi
Sputnik

TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda yagona kinoprokat tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkin, bu haqda "O‘zbekkino" agentligining kengaytirilgan yig‘ilishida aytildi.

2018 yil 12-yanvar kuni "O‘zbekkino" Milliy agentligi tomonidan kengaytirilgan yig‘ilish — brifing o‘tkazildi. Yig‘ilish 2017-yilning 29-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida kinematografiya sohasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda muhokama etilgan masalalarga bag‘ishlandi.

Hindistonlik kinoijodkorlar Bobur haqidagi filmni O‘zbekistonda tasvirga olmoqchi
Brifing ishtirokchilari davlat rahbarining sohada malakali kadrlarning yetishmasligi va bu muammoni ijobiy hal etish maqsadida, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida ixtisoslashgan fakultetlarni joriy etish, xorijning ilg‘or ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mamlakatda ularning filiallarini tashkil etish yuzasidan bildirgan fikr va takliflarini olqishladilar.

Ma’lumki, Mirziyoyev tomonidan hududlarda, jumladan har bir shahar va tumanlarda kinoteatrlar, yozgi kinoteatrlar qurish vazifasi belgilangan. Brifingda shu masala yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Bunda joylarda mavjud kinoteatrlarni qayta rekonstruksiya qilish, zamon talablari asosida yangilarini qurish bo‘yicha sayi-harakatlar boshlangani ma’lum qilindi.

Unda, shuningdek, mamlakatda yagona kinoprokat tizimini joriy etish, eng olis va chekka hududlarda filmlar namoyishini tashkil qilish, tarixiy hamda bugungi zamon qahramonlari haqida filmlar yaratish, yosh kinoijodkorlarning grant asosida xorijda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash, kinofondda saqlanayotgan filmlarni restavratsiya qilish, dublyaj qilish, o‘zbek filmlarining xalqaro nufuzli kinofestivallarda namoyish etishini ta’minlash, xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda filmlar suratga olish kabi dolzarb vazifalar prezident tomonidan alohida ta’kidlab o‘tilgani qayd etildi.