TOShKENT, 10 yanv – Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi haydovchilardan, zarurat bo‘lmaganida, dovon yo‘lidan harakatlanmasliklarini, harakatlangan taqdirda murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishlarini so‘radi.
Bu ob-havo sharoitining keskin o‘zgarishi harakat qatnashchilari uchun bir qator noqulayliklar keltirib chiqarishi, yo‘l-transport hodisalari sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi bilan izohlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Gidrometeorologiya xizmati markazi 11,12 va 14-yanvar kunlari "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida ob-havo sharoitining keskin o‘zgarishi haqida ma’lum qilgandi. Bildirilishicha, aytib o‘tilgan kunlari qor yog‘ishi, vaqti vaqti bilan kuchayishi, tuman tushib ko‘rinishning 50-100 metrgacha yomonlashishi, shamolning tezligi 22-25 m/sek.gacha kuchayishi, yo‘llarda qor uyumlarining yuzaga kelishi va muzlamalar hosil bo‘lishi kutilmoqda.