TOShKENT, 8 yanv — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Farg‘ona viloyati Rishton tumani hokimi tumandagi dehqon bozorida kutubxona qurishga ruxsat berdi. Bu haqda kutubxona tashkilotchisi rishtonlik Dima Qayum Feysbukdagi sahifasida xabar bergan.
"Yoshligimdan kitobsevarman. Avvaliga o‘zimda bor 50-60ta kitoblarni maxsus javonlarga taxlab, adabiyotga qiziqadiganlarga o‘qishga berishni yo‘lga qo‘ydim. Bu haqda ijtimoiy tarmoq orqali xabar qilganimda, menga olis viloyatlardan kitob berib yuboruvchilar soni ortib ketdi. Ular orasida xalq shoirlari ham bor. Hozirda mingga yaqin kitoblar jamg‘arildi", — dedi Dima Qayum "Kutubxona tashkil qilish g‘oyasi qanday tug‘ildi", degan savolga javoban.
Ayni vaqtda Rishton dehqon bozori xududida 12 kvmetrlik joyga beton yotqizilgan. Bu ishlarni amalga oshirish uchun Rishton tumani xokimidan tegishli ruxsat olingan. Tez orada kutubxonani Akfa romlar bilan o‘ralib, hozlanishi rejalashtirilgan.
Eng muhimi, ushbu Roshidoniy nomli Xalq kutubxonasi mahalliy aholi va kitobxonlikni targ‘ib qilishga o‘z hissasini qo‘shayotgan insonlar tomonidan xayriya yo‘li bilan barpo etilmoqda.