TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 10-11 yanvar kunlari Dushanbega ishchi tashrif bilan keladi. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, bosh vazir Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va respublika bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashadi.
Tomonlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega bahor fasli boshida amalga oshirilishi kutilayotgan rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qilishadi.
Shuningdek, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ikki davlat chegarasidagi bahsli qismlarning demarkatsiyasi va delimitatsiyasini tezlashtirish masalalari ham muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rahbari 6-yanvar kuni Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashi oldida chiqish qilib, Tojikiston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari rivojlantirilishi haqida bayonot qilgan.
"Chunki yomon qo‘shnini qiyomat kuni hech kim kechirmaydi", — deb aytgan Mirziyoyev deputatlarga.
O‘zbekiston prezidenti qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilashga intilishi borligini, ammo "20 yillik muzni eritish unchalik ham oson ish emasligi"ni qayd etgan.