O‘zbekiston terma jamoasi ertaga dzudo bo‘yicha JChga jo‘nab ketadi

© Milliy olimpiya qo‘mitasi Dzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi
Dzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.05.2023
Obuna bo‘lish
Dohada 7-13 may kunlari yakkalik bellashuvlarida jami 14 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ladi. 14-may sanasida esa jamoaviy bahslar o‘tkaziladi.
TOShKENT, 3-may — Sputnik. Ertaga O‘zbekistondan 18 nafar dzudochi Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga jo‘nab ketadi. Bu haqda O‘zbekiston dzudo federatsiyasi matbuot kotibi ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Qatardagi JChda qatnashadigan dzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi ma’lum qilindi.
Qatar poytaxti Doha shahrida 7-14 may kunlari dzudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi 36-jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Mazkur chempionatda O‘zbekistondan 18 nafar dzudochi ishtirok etadi. Terma jamoa 4-may kuni Dohaga jo‘nab ketadi.
Qayd etilishicha, terma jamoa jahon chempionatiga tayyorgarlikni bosqichma-bosqich olib bordi.

“Dzudochilarimiz avvaliga Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida, keyin esa Chirchiq va Toshkentdagi mashg‘ulotlarda qatnashdi. Shundan so‘ng ham erkaklar, ham ayollar terma jamoamiz Yaponiyadagi Kodokan dzudo markazida o‘tkazilgan xalqaro mashg‘ulotlarda tayyorgarlikni davom ettirdi. Shu kunlarda jahon chempionatiga so‘nggi tayyorgarlik Samarqand (erkaklar jamoasi) va Toshkent (ayollar jamoasi) shaharlarida o‘tkazilyapti”, - dedi federatsiya matbuot kotibi Kamoliddin Alimov.

Hozirgacha yilning asosiy musobaqasida qatnashish istagini dunyoning 5 qit’asi 99 davlatidan jami 669 (348 erkak, 321 ayol) nafar dzudochi bildirgan.
Doha shahrida 7-13 may kunlari yakkalik bellashuvlarida jami 14 ta vazn (7 ta erkaklar, 7 ta ayollar) toifasida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ladi. 14-may sanasida esa jamoaviy bahslar o‘tkaziladi.
Erkaklar musobaqasida eng ko‘p ishtirokchi -90 kg vaznda (60 dzudochi), ayollar o‘rtasida esa -70 kg vazn (50 dzudochi) toifasida ro‘yxatdan o‘tgan.
Qit’alar bo‘yicha eng ko‘p qatnashchi Yevropadan (329 nafar), eng kami esa Okeaniya (11 nafar)dan. AQSh, Fransiya, Italiya, Qozog‘iston, Yaponiya, Mo‘g‘uliston, Koreya va O‘zbekistondan to‘liq tarkib – 18 nafardan dzudochi jahon chempionati medallari uchun tatamiga chiqadi. Mezbon Qatar 4 nafar dzudochini musobaqa uchun ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Yangiliklar lentasi
0