Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga ajiotaj talab yuzaga kelganda tahlil o‘tkaziladi

© SputnikSupermarket “Ekobozor” v Tashkente
Supermarket “Ekobozor” v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.12.2022
Obuna bo‘lish
Narxlarning keskin tebranishi holatlari yoki bozorda ajiotaj talab yuzaga kelganda vakolatli organ tomonidan tahlil o‘tkaziladi - yangi qaror.
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga ajiotaj talab yuzaga kelganda tahlil o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha Hukumatning 716-sonli qarori bilan tegishli nizom tadiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, narxlarning keskin tebranishi holatlari yoki bozorda ajiotaj talab yuzaga kelganda vakolatli organ tomonidan tahlil o‘tkaziladi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin tebranish davri ushbu mahsulotlarning narxi oxirgi 30 kungacha bo‘lgan davrda Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng yoki undan yuqori darajada oshganda yoki bozorda ajiotaj talab yuzaga kelganda, 6 oygacha bo‘lgan muddatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Asosiy turdagi tovarlar narxlarining o‘zgarish dinamikasini kuzatib borish maqsadida muntazam ravishda:
bozorlar, savdo komplekslarida, chakana savdo tarmoqlarida, birjalarda kunlik shakllangan narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
statistika va bojxona organlari ma’lumotlarini (ma’lumot, bulleten va boshqalarni);
ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan ma’lumotlarni to‘plash orqali monitoring o‘tkazib boradi.
Bozorda mahsulotlar (tovarlar)ning sun’iy taqchilligini keltirib chiqargan alomatlar aniqlanganda, vakolatli organ xo‘jalik yurituvchi subyektlarning binolariga bevosita kirish hamda ombordagi mavjud zaxiralarni xatlovdan o‘tkazadi.
Nizom qoidalari yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, xom ashyo va materiallar hamda ushbu quyidagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan tatbiq etiladi:
bug‘doy va un;
qolipli non;
mol go‘shti;
parranda go‘shti;
tuxum;
paxta yog‘i;
kungaboqar yog‘i;
guruch;
shakar;
sut (qadoqlangan).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga ayrim tovarlar narxini nazorat qilish vakolati berilishi ma’lum qilingandi.
Unga ko‘ra, qo‘mita 45 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar (benzin, ko‘mir, metall, sement va hokazo) va 10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’mol mahsulotlarining (un, go‘sht, non, shakar, o‘simlik yog‘i va hokazo) narxlarini asossiz oshirilmasligini nazorat qiladi.
Qo‘mita ushbu mahsulotlar narxlarining o‘zgarish dinamikasini monitoring qiladi, ularning tebranishiga ta’sir etgan omillar va ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi.
Yangiliklar lentasi
0