Mirziyoyev Toshkentda YuNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etishni taklif qildi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev vistupayet na vtoroy Vsemirnoy konferensii po vospitaniyu i obrazovaniyu detey mladshego vozrasta.
Shavkat Mirziyoyev vistupayet na vtoroy Vsemirnoy konferensii po vospitaniyu i obrazovaniyu detey mladshego vozrasta. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.11.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston rahbari Toshkentdagi Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasida qator takliflarni ilgari surdi.
TOShKENT, 15 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda YuNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etishni taklif qildi.
“Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan ta’lim bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YuNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni ma’qullaysizlar, deb ishonaman”, - dedi davlat rahbari Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi ochilish marosimida so‘zlagan nutqida.
Prezident kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarb ekanini aytdi va mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borishni taklif etdi.
Mirziyoyev Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklifini ham bildirdi.
Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda jahonda to‘plangan ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Mirziyoyev bugungi konferensiya yakunlari bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish ayni muddao bo‘lgan bo‘lishini ta’kidladi.
Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli ta’lim va tarbiya olishi, ma’naviy va jismoniy barkamolligini ta’minlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini to‘liq namoyon etish borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish kabi masalalar o‘z ifodasini topishi lozim.
Mirziyoyev mamlakatda yoshlar va bolalarga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratilayotganiga to‘xtatib o‘tdi.
Hozirgi paytda respublikada 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor. Hukumat kelgusida ham bu yo‘lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish doirasida 2025-yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olgan.
“Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz”, - dedi prezident.
O‘zbekiston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ta’lim va tarbiya rivojlangan jamiyatda radikalizm va ekstremizm kayfiyatlari hech qachon ildiz otolmaydi.
Anjumanda jahonning 150 mamlakatidan vakillar tashrif buyurgani bugungi kunda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga ega ekanidan yaqqol dalolat beradi.
“Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030-yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta’lim berish yo‘lida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi”, - deya xulosa qildi Mirziyoyev.
Yangiliklar lentasi
0